Intellect2All axborot texnologiyalari loyihalari respublika tanlovi Toshkent shahri va Toshkent viloyati qatnashchilari uchun hududiy saralash bosqichi o‘tkazilishining boshlangani haqida e’lon qildi. 28—30-iyun kunlari Yoshlar ijod saroyida tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rgazmali mahorat darslari va final bosqichiga o‘tuvchi eng yaxshi loyihalarni saralash bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Yoshlar tashabbuslari markazi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
18-maydan 9-iyunga qadar O‘zbekistonning olti hududi — Samarqand, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida axborot texnologiyalari sohasidagi eng yaxshi loyihalarni saralash bo‘lib o‘tdi. Unda 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 1 813 nafar yoshlar ishtirok etdi.
Hududiy saralash bosqichlari doirasida 43 ta axborot texnologiya loyihasi namoyish etildi. Mazkur loyihalar veb-ishlanmalar, mobil dasturlar, shuningdek, virtual reallik dasturlari sohasidagi iste’molchilar talabini qondirishga qaratilgan.
Saralash bosqichlari natijalari bo‘yicha eng yaxshi loyihalar finalga yo‘llanma oladi. Tanlov finali ICTWEEK Uzbekistan-2016 haftaligi doirasida bo‘lib o‘tadi. Tanlov yutuq jamg‘armasi 30 million so‘mni tashkil etadi.
Izoh (0)