O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan jurnalistika sohasi vakillariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matnini O‘zA keltirdi.
Qadrli do‘stlar!
Avvalo, siz, azizlarni — yurtimizdagi barcha jurnalistlar, teleradio, nashriyot va matbaa sohasi vakillarini 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim, ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.
Sizlarning bu yilgi kasb bayramingiz Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida mutlaqo yangi davr — huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lini ochib bergan buyuk tarixiy voqea — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligi arafasida o‘tayotgani chuqur ma’no-mazmunga ega, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.
Bu haqda gapirganda, hayotimizni tubdan o‘zgartirgan, xalqimizni qaramlik kishanlaridan ozod qilib, toptalgan qadriyatlarimiz, dinu diyonatimiz, oru nomusimizni tiklash, o‘zligimizni anglash, farovon turmush va yorug‘ kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan qurishdek beqiyos imkoniyat yaratib bergan mustaqilligimizning qanday noyob, oliy va bebaho ne’mat ekanini el-yurtimizning ongu tafakkuriga singdirishda, istiqlolimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlashda milliy matbuotimizning munosib hissasi borligini barchamiz yaxshi bilamiz va sizlarning bu olijanob xizmatingizni yuksak qadrlaymiz.
Bu yilgi mustaqillik bayramining bosh g‘oyasi sifatida tanlangan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan so‘zlar zamirida qanday teran ma’no mujassam ekanini siz, azizlar yaxshi tushunasiz, albatta.
Bugungi qutlug‘ ayyomda Vatan uchun jon fido qilishni o‘z hayotining mazmuni deb bilgan, milliy matbuotimizga asos solib, mustabid tuzumning tazyiq va ta’qiblariga qaramasdan, “Maslak va maqsadimiz — xalq manfaatiga xizmat etmak” degan ezgu g‘oya yo‘lida butun borlig‘ini bag‘ishlagan ma’rifatparvar bobolarimizning ruhi poklarini, soha faxriylarining nomlarini hurmat-ehtirom bilan esga olishimiz ham qarz, ham farz, deb o‘ylayman.
Barchangizga yaxshi ma’lum, mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab yurtimizda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotida tutgan rolini, ularning faoliyati samarasini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalist kasbining nufuzini kuchaytirish, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan siyosat izchillik bilan olib borilmoqda.
Davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari mamlakatimizning axborot makonida mutanosib rivojlanib borishiga alohida e’tibor berilmoqda. Buning tasdig‘ini oxirgi yillarda elektron va bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat budjeti hisobidan kreditlar, ijtimoiy buyurtma va davlat grantlari shaklida 14 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgani va boshqa misollarda yaqqol ko‘rish mumkin.
Muhtaram do‘stlar!
Tez sur’atlar bilan o‘zgarib, oldimizga bir-biridan o‘tkir va dolzarb savollarni qo‘yayotgan hozirgi murakkab zamonda, jahon miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar, informatsion xurujlar tobora kuchayib borayotgan tahlikali bir vaziyatda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan, oqni qoradan, rostni yolg‘ondan ajratishga qodir insonlar etib tarbiyalashda, doimo hushyor, sezgir va ogoh bo‘lib, voqelikka daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etishda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining o‘rni va mas’uliyati har qachongidan ham ortib borayotgani hech kimga sir emas.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi bayram munosabati bilan bo‘ladigan uchrashuvlar, suhbat va muloqotlarda ijodiy jamoalar va umuman, milliy jurnalistikamiz faoliyatini tanqidiy sarhisob qilib, yangi rejalar, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar haqida fikr yuritishimiz tabiiy, albatta.
Shu borada yuksak kasb mahoratiga ega jurnalistlar, tahlilchi va sharhlovchilarni, muxtasar aytganda, o‘z kasbining haqiqiy ustasi bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash vazifasi hamon dolzarb bo‘lib turibdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Ayniqsa, jurnalistlarimizning hayotga chuqur kirib borishi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tub mohiyati va ahamiyati, kerak bo‘lsa, murakkabligi bilan ochib berish, taraqqiyotimiz yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqish, mavzuga xolisona va haqqoniy yondashish kabi mezonlar matbuotimizning o‘zgarmas qoidasi va prinsipi bo‘lib qolishi darkor.
Buning uchun avvalo zamon talablariga javob beradigan jurnalist kadrlarni tayyorlash, tegishli oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning saviyasi va malakasini oshirish, ta’lim jarayoniga eng ilg‘or pedagogik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur.
Shular qatorida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining xalqaro axborot maydoniga kirib borishi, dunyoda nom qozongan nufuzli nashrlar va mediakompaniyalar bilan samarali ijodiy aloqalar o‘rnatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni puxta egallash alohida ahamiyat kasb etadi. Bu haqda so‘z borar ekan, keyingi yillarda soha vakillarining 700 nafarga yaqini chet ellarda malaka oshirib kelganini ijobiy baholab, biz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu yo‘nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarurligini albatta barchamiz yaxshi anglaymiz.
Bugungi globallashuv zamonida, internet asrida axborot uchun hech qanday chegara yo‘qligi, bu sohada qandaydir “temir devor” qurib bo‘lmasligini kimgadir tushuntirib, izohlab o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.
Jahon axborot makonidagi bunday mislsiz integratsiya jarayonlari bugungi yuksak taraqqiyot uchun beqiyos imkoniyatlar ochib berayotganini e’tirof etgan holda, axborot oqimi orqali afsuski, turli buzg‘unchi g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ham hayotimizga kirib kelayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Ular yoshlarimizning ongi va ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, ma’naviy qadriyatlarimizga, avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik an’analariga bepisand qarash kabi holatlar ham yon-atrofimizda uchrab turishi barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.
Shu o‘rinda bir fikrni yana bir bor ta’kidlab aytishga to‘g‘ri keladi: ma’naviyatni asrash – insonni, avvalo yosh avlodimizni, kelajagimizni asrash demakdir. Shunday ekan, bir qarashda ko‘zga yaqqol tashlanmaydigan bunday xavf-xatarlarga qarshi kurashish uchun hammamiz, avvalo, siz, muhtaram ommaviy axborot vositalari xodimlari fikrga qarshi – fikr, g‘oyaga qarshi – g‘oya, jaholatga qarshi – ma’rifatni qurol qilib, qat’iyat bilan ish olib borishimizni hayotning o‘zi talab etmoqda.
Qadrli do‘stlar!
Bugun biz 25 yil davomida bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday yangi marralarni egallashimiz kerak?” degan, xalqimiz qalbida aks sado topgan da’vat avvalo doimo hayotning oldingi saflarida bo‘lishga intilib yashaydigan siz, hurmatli matbuot ahliga daxldor, desam, yanglishmagan bo‘laman.
Mustaqillik arafasida va mustaqillikning dastlabki yillarida yurtimizda qanday og‘ir va tahlikali, ozgina uchqun chiqsa, butun respublika lovullab yonib ketadigan o‘ta xatarli va qaltis vaziyat vujudga kelganini esga olaylik. Yigirma milliondan ortiq xalqimizni boqish uchun omborlarimizda bor-yo‘g‘i 22 ming tonna un zaxirasi qolganini, iqtisodiy yetishmovchilik va qiyinchiliklarni, bizni turli fitna va mojarolar girdobiga tortishga qaratilgan qo‘poruvchilik harakatlari, yovuz maqsadlarni ko‘zlagan terrorchilik xurujlarini, muxtasar aytganda, xalqimizni o‘z tanlagan yo‘lidan qaytarishga bo‘lgan g‘arazli urinishlarni va bunday mashaqqatli sinovlarni faqatgina mardlik va matonat, sabr-bardosh va fidokorona mehnat bilan yengib o‘tganimizni hech qachon unutmasligimizni istardim.
Boshimizdan kechirgan mana shunday murakkab tarix saboqlarini odamlarga, avvalo yoshlarimizga yetkazish, ularning ko‘zini haqiqatga ochib berish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimizdir.
Bir so‘z bilan aytganda, biz yosh avlodimizni boshlagan buyuk ishlarimizning munosib davomchilari etib tarbiyalamoqchi bo‘lsak, hech shubhasiz, qanday og‘ir, shu bilan birga, sharafli yo‘lni bosib o‘tganimiz, dunyo hamjamiyati tan olayotgan yuksak yutuq va marralarimiz tariximiz solnomasida o‘chmas iz qoldirishi, xalqimizning ongu tafakkurida muhrlanishi, milliy g‘oyamiz, mafkuramiz asosiga aylanishi shart.
Bu vazifani birinchi navbatda kim mahorat bilan amalga oshira oladi? Albatta, xalq manfaati, Vatan taqdirini qalbidan, yuragidan o‘tkazib yashaydigan siz, hurmatli jurnalist ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyati bu borada hal qiluvchi o‘rin tutadi, deb ishonaman.
Ertangi kun haqida, eng muhim va ustuvor vazifalarimiz haqida gapirganda, hammamiz yaxshi tushunamizki, hayot hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi, doimo yangi-yangi muammo va talablarni kun tartibiga qo‘yadi.
Shu ma’noda, bugun biz o‘z oldimizga qo‘ygan ulug‘ maqsadlar, xususan, xalqimiz hayotini yanada farovon va obod qilish, dunyodagi eng rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirish bo‘yicha 2030-yilga qadar belgilab olgan dasturlarimizni amalga oshirishda biz butun xalqimiz qatori sizlarga, sizlarning iste’dod va mahoratingizga tayanamiz.
Aziz do‘stlar!
Jurnalist mehnatining naqadar mashaqqatli va mas’uliyatli ekanini chuqur anglagan inson sifatida men, bugungi fursatdan foydalanib, sizlarning ezgu orzu-intilish va tashabbuslaringizni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanimni, sizlarni o‘zimning eng yaqin yordamchim va maslakdoshlarim deb bilishimni takroran aytmoqchiman.
Sizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ijodiy yutuqlar tilayman.
Izoh (0)