Mamlakatning barcha oliy o‘quv yurtlari kabi joriy yilning 20-iyun kunidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham qabul boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
“Yangi o‘quv yilida bakalavriat uchun uchta fakultet qamrovidagi 15 ta yo‘nalish kesimida 282 nafar abituriyent, shulardan, 74 nafari davlat granti va 208 nafari to‘lov shartnoma asosida talabalikka qabul qilinadi. Institutda ta’lim o‘zbek va rus guruhlarida olib boriladi”, — deya xabar berdi qabul komissiyasi mas’ul kotibi Anvar Qurbonov.
Ta’kidlash joizki, bu yil institutda “kinoshunoslik” va “san’atda animatsiyaviy va multimediyaviy loyihalash” yangi mutaxassisliklari bo‘yicha ham qabul e’lon qilingan.
Komissiyaning samarali ishlashi, abituriyentlarga ijodiy va sohaviy yo‘llanma berish uchun qabul jarayoniga tajribali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar jalb etilgan. Qabul qilingan hujjatlar soni haqidagi ma’lumot har kuni yangilab boriladi.
Joriy yilda abituriyentlardan 4 mingga yaqin hujjat qabul qilinishi kutilmoqda.
Izoh (0)