2016-yilgi Yevropa Chempionatiga mezbonlik qilayotgan Fransiya terma jamoasi turnirning chorak finaliga yo‘llanma oldi. Bu yo‘lda Didye Desham jamoasi Irlandiya ustidan irodali g‘alabaga erishdi.
Uchrashuvning 1-daqiqasiga keliboq italiyalik hakam Nikola Ritssoli mezbonlar darvozasi tomon penalti belgiladi. Pol Pogba raqibiga nisbatan o‘yin qoidasini buzgandi. 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Robert Bredi zarbada adashmadi — 0:1.
Robert Bredining 2-daqiqadagi goli Yevropa Chempionatlari tarixidagi eng tezkor ikkinchi gol edi. UEFAning Twitterdagi rasmiy sahifasi eng tezkor gol rossiyalik Dimitriy Kirichenko tomonidan urilgani haqida xabar berdi.
Ikkinchi bo‘limning 13-daqiqasida Antuan Grizmanning boshi bilan bergan aniq zarbasidan keyin o‘yinda hisob tenglashdi. Oradan uch daqiqa o‘tib Grizmann dublga erishdi. Olivye Jirudan pas qabul qilib olgan hujumchi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatni golga aylantirdi.
Bu gol Antuann Grizmanni to‘purarlar ro‘yxatidagi Garet Beyl hamda Alvaro Morata bilan tenglashtirdi. Antuan bunga qadar guruh bosqichi 2-turida Albaniya postiga ham yo‘l topgandi.
66-daqiqaga kelib Grizmann turnirdagi birinchi xet-trikni qayd etishi mumkin edi. Ammo irlandiyalik himoyachi Sheyn Daffi bunga yo‘l qo‘ymadi. Qoidabuzarlikni so‘nggi najot chorasi sifatida baholagan hakam Daffini maydondan chetlatdi.
2:1 hisobi o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi hamda Fransiya chorak finalning to‘rtinchi ishtirokchisiga aylandi. Bu bosqichda Didye Desham shogirdlari Angliya — Islandiya o‘yini g‘olibiga qarshi saf tortadi.
Nimchorak final o‘yinlari start olgan 25-iyun kuni Polsha, Uels, Portugaliya kabi terma jamoalar ham chorak finalda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritgandi. Bu bosqichning 1 ta juftligi to‘liq aniqlangan: Portugaliya — Polsha.
[wpse_match id="368873" show_title=1]
Izoh (0)