Sharqiy Afrikada, Tanzaniya qirg‘oqlariga yaqin hududda Malayziyaning ikki yil muqaddam g‘oyib bo‘lgan Boeing MH370 samolyotiga tegishli bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotgan qanot bo‘lagi topildi. Parcha Tanzaniyaga tegishli Pemba orolida topildi, deb xabar bermoqda “Kommersant.ru”.
Avstraliya transport vaziri Darren Chesterning aniqlashtirishicha, orol samolyot qidirilayotgan zonadan 6 ming kilometr uzoqlikda joylashgan. Ekspertlar ushbu bo‘lak darhaqiqat MH370 tegishliligini isbotlay olsa, bu g‘oyib bo‘lgan laynerning shu paytga qadar ma’lum eng yirik qoldig‘i bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Malaysia Airlines kompaniyasining Kuala-Lumpur–Pekin reysini amalga oshirayotgan MH370 samolyoti 2014-yilning 8-mart kuni radarlardan g‘oyib bo‘ldi. Uning bortida jami 239 kishi — 227 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi bor edi. 2014-yilning 24-martida aviakompaniya samolyot Hind okeanining janubiy qismida qulaganini va barcha yo‘lovchilar halok bo‘lganini e’lon qildi. Ammo qidiruvlar bugungi kunga qadar samara bermayapti.
Izoh (0)