Rio-de-Janeyro shtatida moliyaviy falokat tufayli favqulodda holat e’lon qilingani Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarining tayyorgarligiga ta’sir o‘tkazmaydi. Bu haqda Rio-de-Janeyro shahri meri Eduardo Paes 21-iyun, seshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Olimpiadaga tayyorgarlik borasida Xalqaro olimpiya qo‘mitasida hech qanday bezovtalik yo‘q. Hozirda olimpiya parkida velodromning qurilishini bitiryapmiz. Barchasi, shu jumladan, shahar infratuzilmasi obyektlarining qurilishi ham yaxshi tempda o‘tmoqda”, – dedi Paes.
“2009-yilda Rio-de-Janeyro Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritganida, qarzdorlik daromadning 90 foizini tashkil qilgandi. Hozir esa tayyorgarlik jarayoni bo‘lib o‘tayotganiga qaramay bu ko‘rsatkich 43 foizgacha pasaydi”, – deb qo‘shimcha qildi shahar rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Braziliyaning Rio-de-Janeyro shtati rasmiylari Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari boshlanishiga 49 kun qolganida falokatli moliyaviy holatni e’lon qilgandi.Ma’lumot uchun, Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari 5–21-avgust kunlari, Paralimpiya o‘yinlari esa 7–18-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)