Suriyada hukumat, qurollangan muxolifat va terrorchilik tashkilotlari jangarilari o‘rtasidagi mojaro davomida 800 dan ortiq tibbiyot va insonparvarlik xodimi o‘ldirilgan. Bu haqda Bosh Assambleyaning Suriyadagi vaziyatga bag‘ishlangan norasmiy yig‘ilishida BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Stiven O’Brayen ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
“Mojaro boshlangandan buyon 90 dan ortiq insonparvarlik xodimi o‘ldirilgan, shu bilan bir paytda BMTning 29 nafar xodimi tutqunlikda saqlanmoqda yoki bedarak yo‘qolgan deb qayd etilgan”, — dedi O’Brayen.
U, shuningdek, jangovar harakatlarning besh yili davomida 259 ta tibbiy muassasaga 365 ta hujum qayd etilib, sog‘liqni saqlash sohasida 738 nafar xodim halok bo‘lganligini ma’lum qildi.
Bosh kotib o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, bugungi kunda Suriyaning 13,5 million aholisi insonparvarlik yordamiga muhtoj bo‘lib, ulardan 6,5 millioni o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Mamlakat aholisining 80 foizi kambag‘allikda yashamoqda.
Izoh (0)