Rossiyalik harbiy xizmatchi Suriyaning Xoms viloyatida, gumanitar yordam ko‘rsatish markazi yaqinida minalashtirilgan avtomobilni boshqarayotgan xudkushning qo‘poruvchilik xatti-harakatlarini bartaraf etganidan so‘ng olingan jarohatlar oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Voqea 15-iyun kuni sodir bo‘ldi. Rossiyaning Suriyadagi dushman taraflarni yarashtirish markazi gumanitar konvoyini qo‘riqlab kelayotgan harbiy xizmatchi — serjant Andrey Timoshenkov minalashtirilgan avtomobilning tinch aholiga gumanitar yordam tarqatish joyiga kirishga bo‘lgan urinishini bartaraf etdi. Timoshenkov avtomobilga qarata o‘t ochdi va uni to‘xtatib qo‘ydi. Odamlar gavjum joyga kira olmasligini tushungan xudkush shu yerning o‘zida portlovchi uskunani harakatga keltirdi. Portlash oqibatida serjant og‘ir jarohatlar olib, shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.
“Xmeymim aviabazasida harbiy shifokorlar bir sutkadan ko‘p vaqt davomida harbiy xizmatchining hayoti uchun kurashdi, ammo 16-iyun kuni Andrey Timoshenkov vafot etdi. Serjant Timoshenkov Andrey Leonidovich o‘limidan so‘ng qo‘mondonlik tomonidan davlat mukofotiga ko‘rsatildi”, — deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi xabarnomasida.
Mahalliy matbuotning bildirishicha, halok bo‘lgan harbiy xizmatchi kaliningradlik dengiz piyodasidir.
Izoh (0)