Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 14-turidan joy olgan bellashuvlar Toshkent shahridagi tadbirlar sabab boshqa sanaga yoki boshqa joyga ko‘chirildi. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Toshkentning “Bunyodkor” klubi 25-iyun kuni “Navbahor”ni qabul qilishi kerak edi. PFL mazkur bellashuv sanasiga o‘zgartirish kiritmadi, biroq uchrashuv joyini ko‘chirdi. Bellashuv Namangandagi “Navbahor”ning uy stadionida bo‘lib o‘tadi. Evaziga Oliy Liganing ikkinchi davrasida “Navbahor” Toshkentga tashrif buyuradi.
24-iyun kuni “Paxtakor” o‘z maydonida “Olmaliq”ni qabul qilishi kerak edi. Mazkur uchrashuv joyi Toshkent bo‘lib qolaveradi, biroq u 24 emas, balki 26-iyun kuni o‘tkaziladi.
22-iyun kuni O‘zbekiston Birinchi Ligasi ishtirokchilari hisoblangan “NBU-Osiyo”, “Paxtakor-2” kabi klublar navbatdagi tur o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazishi kerak edi. Ular ishtirokidagi o‘yinlar noma’lum muddatga qoldirilgan.
PFL rasmiy sayti futbol uchrashuvlari aynan qaysi tadbirlar sabab ko‘chirilganiga oydinlik kiritmagan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)