Smartfonlar haqida turli-tuman gaplar yuradi. Aytaylik, ko‘pchilik haligacha apparatni quvvatlantirishdan oldin undagi quvvatni to‘liq tugatish kerakligiga ishonadi.
Shu kabi keng tarqalgan yanglishliklarni 4PDA ko‘rib chiqdi.1. Batareyani quvvatlantirishdan oldin undagi energiyani to‘liq ishlatish kerak
Bu narsa temir-nikel va nikel-metallgibrid akkumulyatorlar davrida muhim edi — bunday batareyalar xarid qilingani hamon quvvatlantirilar, aks holda undagi kimyoviy o‘zgarishlar hajmini qisqartirib yuborar edi. Aytaylik, bunday akkumulyator 20 foiz quvvatga ega bo‘lgan paytda tokka ulansa, u 80 foizni to‘liq quvvat sifatida eslab qolardi.
Zamonaviy litiy-ionli batareyalarda esa bunday “xotira” effekti mavjud emas. Aksincha, ularni ko‘proq quvvatlantirish, quvvatni nolga qadar tushirmaslik lozim — shunda ular uzoqroq xizmat qiladi. Litiy-ionli batareyalarning xizmat muddati to‘liq quvvatlantirish silsilalarining umumiy miqdori bilan belgilanadi, shuning uchun ularning quvvat darajasi 50 foizdan pastga tushmasligi maqsadga muvofiq bo‘ladi.2. Smartfonlarga ham antiviruslar o‘rnatish kerak
Android tizimi asosida Linux yadrosi yotadi, u daxl qilish huquqiga rioya etilishiga javob beradi, jarayonlarning to‘g‘ri amalga oshirilishini nazorat qiladi. Bu narsa “qumdon” (sandbox) deb ataladi: har bir dasturning foydalanuvchi identifikatori va xotira katalogi bo‘lib, bu ma’lumotlar boshqa dasturlardan himoya qilinadi. Ya’ni har bir dastur faqat o‘zidagi fayllarni o‘qiy oladi. Android’dagi har qanday uskunaning o‘z qumdoni mavjud, shu bois bunday uskunaga tushgan virus faqat SD-karta ichiga kira oladi, xolos.
Bir so‘z bilan aytganda, Android’da oddiy kompyuterdagi kabi viruslar mavjud emas, faqat shaxsiy axborotlarni o‘g‘irlaydigan qaroqchi dasturlar bo‘lishi mumkin. Biror dastur o‘rnatilganda, nimalarga daxl qilish uchun ruxsat talab etilishi ro‘yxat qilib ko‘rsatiladi. Ayrim dasturlar kameraga, SMS-xabarlarga, qo‘ng‘iroqlarga, aloqalarga, internet tarmog‘iga kirish ruxsatini so‘raydi.
Aksar hollarda bu xavfli emas. Minimal xatardan ham qutulishning eng oddiy yo‘li — Google Play’dan tashqaridan birorta dastur olmaslik va o‘rnatmaslik. Ushbu onlayn do‘kon ichiga joylashtirilgan dasturlar sinchiklab tekshiriladi va hatto minimal zarar keltirishi mumkin bo‘lganlari o‘chirib tashlanadi.3. Vazifalar menejerida dasturlarning yopilishi smartfonning ishlash vaqtini uzaytiradi
Ko‘pchilik o‘ylaydiki, dasturlarni yopish smartfon akkumulyatoridagi quvvatni tejaydi va uning ko‘proq ishlashiga yordam beradi. Ba’zi birovlar hatto avtomatik tarzda dasturlarni yopadigan utilitalar — Task Killers’ga murojaat etadi. Aslida bunday dasturlar, o‘zlari ham qo‘shimcha quvvat sarflagani yetmaganday, mutlaqo foydasiz hamdir: dasturlarning yopilishi quvvatga ham, smartfonning tezligiga ham ta’sir qilmaydi. Aksincha, shu usulda yopilgan dasturlar keyingi safar ochilganida yuklanishiga ko‘proq vaqt ketadi.
Istisno holatlar ham bor. Masalan, Facebook kliyenti fon rejimida ham batareyani ko‘p “yeydi”. Bunday faol dasturlarning resurslarga daxl qilish huquqini sozlamalardan cheklagan ma’qul.
Yuqoridagi fikrlar Apple uskunalariga ham taalluqlidir. iOS dasturlarni o‘zi yopadi. Faqatgina dastur qotib qolsa, uni vazifalar menejeri orqali yopish biror-bir mazmunga ega bo‘lishi mumkin.4. Protsessorning yadrosi qancha ko‘p bo‘lsa, smartfonning tezligi ham shuncha katta bo‘ladi
Yadrolar sonining ko‘pligi, chastotalar yuqoriligi, ekranning kengligi va kamerada megapikselning ko‘p bo‘lishi amalda uskunaning samaradorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
2015-yilda MediaTek kompaniyasi birinchi o‘n yadroli protsessorni ishlab chiqardi — Helio X20. Ammo bu ish samaradorligining o‘sishiga va benchmarklar natijalarining ko‘tarilishiga olib kelmadi.
Bundan tashqari, sakkiztadan ortiq yadroni ishlata oladigan dasturlar hozircha juda kam.
Apple’ning zamonaviy gadjetlari esa ikkita yadro bilan ham bemalol ishlab kelmoqda. Kompaniya iOS va chipsetlarni mustaqil ravishda ishlab chiqadi, dasturiy va apparat qismini esa takomillashtirib boradi.5. Megapiksellar qancha ko‘p bo‘lsa, kameraning sifati ham shuncha yaxshi bo‘ladi
Aslida megapiksellar miqdori faqat yechimga, ya’ni rasm o‘lchamiga ta’sir ko‘rsatadi. Sifatga ta’sir o‘tkazuvchi bosh omil pikselning hajmidir — u qancha katta bo‘lsa, shuncha ko‘p nurni tutishga qodir, fotosuratda ham shunga yarasha nuqsonlar kamayadi.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, oxirgi paytlarda reklamalarda kameralarning piksellarini emas, obyektiv diafragmasi va pikselning kattaligiga urg‘u bera boshlashdi. Samsung Galaxy S7 da esa o‘tgan yilgi S6 ga nisbatan matritsa o‘lchami 16 megapikseldan 12 megapikselga kamaytirildi, lekin fotosuratlar sifati yanada oshdi.
Yana bir muhim jihat — smartfonda olinadigan fotosurat sifatiga apparat qismi emas, qayta ishlashning dasturiy algoritmlari birlamchi ta’sir ko‘rsatadi.6. Agar “Parvoz” rejimini yoqsangiz yoki SIM-kartani chiqarsangiz, sizni hech kim kuzata olmaydi
Mutaxassislar o‘chirilgan uskunaga ham uzoqdan daxl qila oladi. Bir qarashda o‘chirilgan smartfon aslida minimal energiya sarfi rejimida turadi, negaki aloqa modullari doimiy quvvatga muhtoj. SIM-karta chiqarib olinsa ham, radiomodul ishlashda davom etadi, o‘z-o‘zidan, operator qayerda joylashganingizni bemalol aniqlay oladi.
Bu muammoni hal etishning yo‘li — batareyani olib tashlash yoki gadjetni uyda tashlab ketish.7. Tez quvvatlantirish batareyaga ziyon keltiradi
Bu afsonaga ishonganlar akkumulyatorni imkon qadar sekinroq quvvatlantirishga harakat qiladi.
2014-yil oxirida amerikalik olimlar SLAC National Acceleration Laboratory tadqiqot markazida sinovlar o‘tkazib, akkumulyator elektrodlari quvvatni bir tekisda tarqatishini aniqladi, bunda tez yoki sekin quvvatlantirish rejimi hech qanday o‘rin tutmasligi ma’lum bo‘ldi.8. Bluetooth moduli yoqig‘liq tursa, ko‘p quvvat sarflanadi
Nazariy jihatdan faol modullar quvvat “yeydi”. Har qanday jarayon, u fon rejimida bo‘lsa ham, batareyadan qandaydir quvvat oladi, ammo bu sarf minimal darajadadir.
Zamonaviy smartfonlarning ko‘pchiligida Bluetooth 4.0 standarti va Low Energy protokoli qo‘llanadi. Bu texnologiyalar moduldagi energiya sarfini juda pasaytiradi. Shunday ekan, quvvat tejash uchun Bluetooth’ni o‘chirish emas, ekran yorqinligini kamaytirish to‘g‘riroq ish bo‘ladi.9. Displey yechimi qancha katta bo‘lsa, sifati ham shuncha oshadi
Aslida inson ko‘zi 300 ppi’dan oshmaydigan ko‘rsatkichlardagi alohida piksellarni farqlay oladi. Piksellar zichligining bundan oshib ketishi hech qanday vizual samara bermaydi va sifatning oshishiga xizmat qilmaydi.
Shuni ham unutmaylikki, piksellar zichligi yuqori bo‘lgan displeylar grafik protsessor oldiga kattaroq talablar qo‘yadi, demak, ko‘proq quvvat sarflaydi.10. Operativ xotira qancha katta bo‘lsa, tizim shuncha tez ishlaydi
Yaqingacha smartfonlarning ko‘pchiligida 2–3 Gb operativ xotira bo‘lar edi, hozir esa 4 Gb standartga aylanib qoldi, 6 Gb operativ xotirali devayslar paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Ammo uskunaning tezligi RAM hajmidagi ortiqcha gigabaytdan ko‘ra dasturiy ta’minot optimizatsiyasiga ko‘proq bog‘liqdir. Bundan tashqari, pochtada ishlash, pleyer yoki ijtimoiy tarmoqlar kliyentlarini ishga tushirish singari vazifalar 2 Gb dan ortiq xotira talab qilmaydi. Katta operativ xotira faqat yirik hajmli o‘yinlarning qotmasligiga yordam beradi.
Izoh (0)