2016-yilning 12–13-iyun kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat Ochiq chempionatida bir yo‘la to‘rt nafar o‘zbekistonlik sportchi Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun belgilangan me’yorni bajarib, to‘rt yillikning eng yirik sport bayramida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Navbatdagi yo‘llanmalarga Yekaterina Tunguskova, Natalya Asanova, Ivan Zaysev va Yuliya Tarasova sazovor bo‘ldi.
Xususan, farg‘onalik Yekaterina Tunguskova 10 000 metr masofaga yugurish musobaqasida belgilangan me’yorni bajargan bo‘lsa, Andijon viloyati vakili Natalya Asanova 400 metr masofaga to‘siqlar osha yugurishda 56,19 soniya (me’yor 56,20 soniya) natija qayd etdi.
Nayza uloqtirish sektorida ishtirok etgan sirdaryolik Ivan Zaysev 83,03 metr natija (me’yor 83 metr) ko‘rsatdi. Toshkentlik Yuliya Tarasova uzunlikka sakrash musobaqasida 6,72 metr (me’yor 6,70 metr) natija qayd etdi.
Qayd etish joiz, o‘zbekistonlik yengil atletikachilar tomonidan Olimpiada o‘yinlariga 15 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi. 15 ta Olimpiada yo‘llanmalari bo‘yicha 14 nafar o‘zbekistonlik sportchi Rio—2016 Olimpiadasida ishtirok etadi. Sitora Hamidova 42 195 metr va 10 0000 metr masofalarga yugurish musobaqalarida qatnashish uchun yo‘llanma olgan.
Izoh (0)