Futbol bo‘yicha Ispaniya termasi va “Manchester Yunayted” klubi darvozaboni David De Xea zo‘ravonlik ishiga aloqadorligi uchun Yevro–2016 turniri uchun terma jamoa safidan chetlatilgani haqidagi xabarni rad etdi. Bu haqda futbolchi rejadan tashqari tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Avvalroq The Independent nashri De Xea Ispaniya termasi safidan chetlatilgani haqida ma’lum qilgandi.
“Bu xabarni eshitib hayron qoldim. Ushbu qip-qizil yolg‘onni rad etmoqchiman. Mana shu ishni advokatlarimga qoldiraman. Kuchga to‘lganman va maydonga chiqishga tayyorman”, – dedi ispaniyalik darvozabon.
De Xeaning zo‘ravonlik ishi 2012-yilda qayd etilgan, ammo bu haqda uch yildan so‘ng ma’lum bo‘lgandi. Ispaniyaning El Diario nashri De Xea “Atletik Bilbao” a’zosi Iker Munyain va ismi ma’lum qilinmagan yana bir futbolchi nomidan yengil tabiatli ayollarni yollagan va ularning zo‘rlanishi tashkilotchisi bo‘lganini ta’kidlagan.
Izoh (0)