Yevropa futbol uyushmalari assotsiatsiyasi (UEFA) “Futbol bayrami” nomli dasturni boshladi. Bu haqda Yevro–2016 turniriga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Ushbu dastur futbolni birlashtiruvchi kuch g‘oyasiga asoslangan.
“Aynan shu dastur meni qiziqtirib qo‘ydi”, – dedi mashhur dijey va turnirning rasmiy musiqiy elchisi Devid Getta. “Odamlar futbol maydonida o‘yin bo‘layotgan vaqtda his qiladigan ehtiros o‘rtasida ko‘p o‘xshashlikni ko‘ryapman. Men ham stadionlarda konsertlar beraman, dijey sifatida vazifam – barchani irqiy, jinsiy va milliy kelib chiqishidan qat’iy nazar, birlashtirish. Futbol o‘yinlarida ham shunga o‘xshash ehtiros va hissiyotlar guvohi bo‘lapman”.
Hakamlik masalalari bo‘yicha UEFA katta ofitseri Pyerluiji Kollina uchun boshlanajak Yevropa chempionati faoliyatida beshinchisi bo‘ladi. “Bu juda muhim chempionat hisoblanadi. Uning atrofida o‘zgacha muhit hukmronlik qiladi: odamlarning unga qo‘shilish istagi, bayramdek o‘tkazish, futbol bilan deyarli bir oy yashash. Polsha va Ukraina (2012) hamda Avstriya va Shveysariyada (2008) bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatlarida ham shunday muhit bo‘lgan. Fransiyada ham quvonch, bayram, odamlarning o‘zgacha hissiyotlarni boshdan o‘tkazish istagi bo‘ladi”, – dedi Kollina.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa chempionati 10-iyundan 10-iyulga qadar Fransiyaning Parij, Sen-Deni, Lion, Marsel, Lill, Bordo, Tuluza, Nitssa, Sent-Etyen va Lans shaharlarida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)