Saudiya Arabistoni hukumati 2020-yilgacha neftdan tashqari daromadlarini uch barobarga ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 7-iyun, seshanba kuni taqdim etilgan milliy islohot rejasida so‘z yuritilgan, deb xabar bermoqda “TASS”.
Tarqatilgan hujjatda ko‘rsatilishicha, neftdan tashqari sohalardagi davlat daromadlari 2020-yilga kelib 530 milliard rial (141 milliard dollar)ga yetishi kerak. Hozirgi paytda ushbu ko‘rsatkich 163,5 milliard rial (43,6 milliard dollar)ni tashkil etadi.
Neft qazib olish darajasi hozirgi ko‘rsatkichda — sutkasiga 12,5 million barrel miqdorida saqlanishi kutilmoqda.
Biroq tabiiy gaz ishlab chiqarish 339,8 million kub metrdan 504 millionga oshishi kutilmoqda. Shu bilan birga hukumat neftni qayta ishlash hajmini sutkasiga 2,9 million barreldan 3,3 million barrelgacha ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.
Milliy islohot rejasi jami 543 ta loyiha va tashabbusni o‘z ichiga olib, ularni amalga oshirish uchun 270 milliard rial (72 milliard dollar) kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, xususiy kompaniyalar 300 milliard rial (80 milliard dollar) investitsiya kiritadi. Natijada xususiy sektorda 450 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)