Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida joylashgan Lokomotivniy qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv xizmati mutaxassislari uch yosh bolaga yordam ko‘rsatdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
6-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:42 da viloyat favqulodda xizmatiga qishloqdagi uylardan birining derazasidan yosh bola tushib ketgani xabar qilindi. Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar 4 yoshli bola uchinchi qavatdan tushib ketganini aniqladi. Turli jarohatlar olgan bola shifoxonaga olib ketildi.
Shundan so‘ng qutqaruvchilar chilangarlik asbob-anjomlari yordamida kirish eshigini ochib, 2 yoshli qizcha deraza rafida o‘tirganini ko‘rdi va uni o‘z vaqtida ushlab qoldi. Xonadon ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 8 oylik yana bir go‘dak borligi ma’lum bo‘ldi.
Bolalar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektorga topshirildi. Ularning onasi hozirgacha topilmadi.
Izoh (0)