Germaniyaning “Gannover” klubi sharafini himoya qiluvchi 19 yoshli Valdemar Antonning xizmatlari bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi qiziqayotgani bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Valdemar Anton O‘zbekistonda tavallud topgan, biroq hozirgi kunda Germaniya fuqaroligiga ega.
O‘FF terma jamoalar markazining xalqaro bo‘limida faoliyat yurituvchi Sherzod Egamberdiyev o‘zining Facebook sahifasida quyidagicha post qoldirdi: “Futbolga ixtisoslashgan OAVda faoliyat yuritayotgan hurmatli, jurnalist do‘stlar! ‘Gannover’ klubi himoyachisi Valdemar Antonga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni topishga yordam bering. Uning O‘zbekistonga aloqador ekani borasida axborot bor”.
Mazkur post ostiga “Paxtakor” futbol klubining xalqaro bo‘limida faoliyat yurituvchi Faxriddin Isamuhamedov izoh qoldirgan bo‘lib, unda futbolchiga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni pochta orqali jo‘natib yuborishga va’da berilgan. Yozishmalarda Valdemar Antonning O‘zbekistonda tug‘ilgani, ammo uning fuqaroligi Germaniyaga tegishli ekani ko‘rsatilgan. Bunga javoban Sherzod Egamberdiyev “bu muammo emas, uning ota-onasi shu yerlikmi?”, — deya fikr so‘ragan.
Post ostiga sahifasida kim bo‘lib ishlashi ko‘rsatilmagan Aleksandr Olshanetskiy izoh qoldirgan bo‘lib, u o‘zining Gannoverda istiqomat qilishi va Valdemar bilan tanish ekanligini qayd etgan. O‘zbekistonliklar uchun Anton haqida ma’lumot olib berishga va’da qilar ekan, izoh yozilayotgan vaqtda kun ancha kech bo‘lib qolgani, ertaga esa axborot olishini bildirgan. Bunga javoban O‘FF xodimi “iltimos aytib qo‘ying, biz tomondan unga katta qiziqish bor”, — deb javob qaytargan.
Ma’lumot uchun, 1996-yilning 20-iyul kuni tavallud topgan Valdemar Anton 2015/16-yilgi mavsumni Germaniya Bundesligasida o‘tkazgan “Gannover” klubi sharafini himoya qiladi. U joriy mavsum klubi uchun 6 ta o‘yin o‘tkazgan va bir bor gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Qayd etish kerak, o‘zbekistonlik ekani tahmin qilinayotgan himoyachi so‘nggi ikki mavsumdan buyon Yevropa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritib kelayotgan Myonxengladbaxning “Borussiya” klubi darvozasiga yo‘l topgan va jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. 29-turdan boshlab mavsum yakuniga qadar barcha uchrashuvlarda ishtirok etgan. 34-tur doirasidagi “Bavariya”ga qarshi bellashuvda 90 daqiqa harakat qilgan.
“Gannover” Germaniya Bundesligasida mavsumni 18-o‘rinda yakunladi va quyi ligaga tushib ketdi.
Izoh (0)