O‘zbekiston genomika va bioinformatika markazi olimlari o‘simliklarning sovuqbardoshligini oshirish bo‘yicha olib borgan tadqiqotlar natijasida “eskimos” genlar kashf qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Bu genlar model o‘simliklarda sinab ko‘rilganida ularda sovuqqa, qurg‘oqchilikka va sertuzlikka chidamlilik xususiyati hosil bo‘ldi, — deb hikoya qiladi Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi, genomika va bioinformatika markazi direktori Ibrohim Abdurahmonov. — Ayni paytda tajribalar paxtada o‘tkazilmoqda. Bug‘doy, anor va uzumda klonlashtirish o‘tkazildi. Bizning maqsadimiz qisqa muddatlarda uzum va anorning sovuqbardosh navlarini olishdir. O‘shanda qishda o‘simliklarni ko‘mishga ehtiyoj bo‘lmasdi”.
Aytilishicha, markaz xodimlari jahonda birinchi marta rekombinatsion bloklarning genetik o‘lchovlari hisob-kitob qilib, paxta genlarini tezkor va samarali aniqlash uchun assotsiativ xaritalash metodini ishlab chiqdi.
Shuningdek, ilk bora paxta tolasi sifatiga javob beruvchi o‘nlab yangi genlar tavsiflanib, jahondagi birinchi gen-nokaut texnologiyasining asoslari yaratildi. Natijada paxta genlaridan foydalanishda yangi imkoniyatlar vujudga kelib, “Porloq” navi yaratildi.
2013-yildan boshlab fermer xo‘jaliklarida “Porloq-1”, “Porloq-2”, “Porloq-3”, “Porloq-4” navlaridan yuqori hosil olinmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur ilmiy yangilik butun dunyoda qiziqish uyg‘otmoqda. Texnologiya O‘zbekiston, AQSh va boshqa davlatlarda patentlandi. 2015-yilda AQShda o‘ndan ortiq paxta navlari gen-nokaut qatorlariga aylantirilib, qo‘shma sinovlardan muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi.
Markazda o‘simliklarning zararkunandalarga, tuproqning tuzlanishiga bardoshliligini oshiradigan genlarni aniqlash va tavsiflash borasidagi tadqiqotlar davom etmoqda.
Izoh (0)