Yaponiyaning Xirosima shahriga atom bombasi tashlanganida jabrlangan koreyaliklarning manfaatlarini himoya qiluvchi bir guruh Janubiy Koreya faollari 26-may, payshanba kuni AQSh prezidenti Barak Obamaga rasman murojaat qilib, uni 1945-yil avgustdagi fojia uchun uzr so‘rashga chaqirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Koreyslar Yaponiyaning atom portlashidan jabr ko‘rgan ko‘p sonli aholi guruhlaridan biri bo‘lgan edi. Ko‘plab vatandoshlarimiz ushbu mamlakatda majburiy mehnatga jalb qilingan bo‘lib, ularni hozir eslashmaydi. Obama bu borada samimiy pushaymonlik bildirishi lozim”, — deyiladi bayonotda.
Ikkinchi jahon urushi yillarida sodir bo‘lgan ushbu fojia Obamaning Xirosimaga tashrif buyurishi kutilayotgan bir paytda yana tillarga tushdi. Ilgariroq Obama Xirosima va Nagasaki uchun uzr so‘rash niyati yo‘qligini bildirib o‘tgan edi. Bunga javoban Xirosima ma’muriyati Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abedan Obamaning xibakusyalar — atom bombalaridan omon qolib, radiatsion xastaliklar azobida yashab kelayotgan insonlar bilan uchrashuvini tashkillashtirishda yordam so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlardan Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlanganida Koreya Yaponiya mustamlakasi bo‘lgan paytda majburiy mehnat uchun bu yerga olib kelingan 40 mingdan ortiq koreys halok bo‘lgani, 30 ming nafari radiatsion nurlanishdan aziyat chekkani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)