Twitter mikrobloglar servisi yaqin orada xabarlarga nisbatan 140 belgidan iborat amaldagi cheklovda media-ilovalarni va akkauntlar nomlarini hisobga olishdan to‘xtaydi, deb yozadi “TASS” servis matbuot xizmatiga tayanib.
Xususan, foto-, video-, GIF-fayllar, so‘rovlar va tvitlardan iqtiboslarga nisbatan cheklov amal qilmaydi. Bundan tashqari, boshqa foydalanuvchining tvitiga “@” belgisi bilan javob yozganda akkauntlar nomlari ham belgi sifatida hisobga olinmaydi. Shu tariqa, bir yo‘la bir nechta foydalanuvchiga murojaat qilganda matnda joy tejashga boshqa hojat qolmaydi.
Shuningdek, Twitter interfeysida ham bir qator o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Chunonchi, ijtimoiy tarmoqda foydalanuvchining o‘z tvitlaridan iqtibos keltirish uchun tugma paydo bo‘ladi, uning yordamida xabarni yana bir marta bo‘lishish va unga yangi izoh qo‘shish mumkin.
Yana bir o‘zgarish shundaki, “@” belgisi endi tvit boshida ishlatilmaydi, chunki akkaunt nomi bilan boshlanadigan barcha yangi xabarlar ushbu foydalanuvchining hamma obunachilariga ko‘rinadi.
Avvalroq Twitter 140 ta belgi bilan chegaralangan matnda linklar va ilova qilingan suratlarni ham hisobga olishni bas qilishni rejalashtirayotgani xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Twitter foydalanuvchilarga hozirgi 140 belgi o‘rniga 10 minggacha belgidan iborat hajmdagi postlarni joylashtirish imkoniyatini berishni rejalashtirayotgani aytilgan edi. Ammo keyinroq kompaniya ijrochi direktori Jek Dorsi cheklov kuchda qolishini ma’lum qildi.
Izoh (0)