2000-yildan buyon dunyo bo‘yicha o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi besh yilga oshib, o‘tgan yili tug‘ilgan bolalar uchun 71 yilni tashkil etdi. Bu haqda BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga tayanib ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kommersant”.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Yaponiya va Shveysariyada yashovchi odamlar eng uzoq umr ko‘rsa, Syerra-Leoneda istiqomat qiluvchilar eng kam umr ko‘radi.
“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo bo‘yicha kutilayotgan o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2000-yildan buyon besh yilga o‘sganligini ma’lum qildi. Bu 1960-yildan beri eng keskin o‘sishdir”, — dedi BMT vakili.
U global ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, 2015-yilda tug‘ilgan bola o‘rtacha 71,4 yil umr ko‘rishi kutilayotganligini qo‘shimcha qildi. Bunda qiz bolalar 74 yilga yaqin umr ko‘rsa, o‘g‘il bolalar 69 yil atrofida hayot kechiradi. Bundan tashqari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari real ko‘rsatkich kishi qanchalik farovon mamlakatda dunyoga kelganiga bog‘liqligiga ahamiyat qaratdi.
Izoh (0)