Toshkent Fotosuratlar uyida rangtasvirchi rassom Abduvali Mo‘minovning “Qadriyat, e’tibor va e’zoz” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mazkur ekspozitsiyadan Mo‘minovning urush yillarida o‘zbekistonliklarning front va front ortidagi jasorati, matonati, fidokorona mehnati, avlodlarga o‘rnak bo‘lgulik sabr-qanoati aks ettirilgan oltmishdan ortiq asari o‘rin olgan.
Fotosuratlar uyida O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi urush va mehnat faxriylari sho‘basi a’zolari asarlaridan iborat “Xotira aziz, inson qadri muqaddas” nomli ko‘rgazma ham ochildi.
Ko‘rgazmada Sh. G‘ofurovning “1945-yil olmalari”, E. Masharipovning “Qizil daraxtlar”, “Chorbog‘ tog‘lari”, Ye. Gadetskiyning “Qizil gilos”, “Chorbog‘ning erta tongi”, A. Sluginning “Musaffo osmon uchun”, A. Batikovning “Ertaga 9-may”, “41-yilni eslab”, G. Serovning “G‘olib askar”, “Beldersoy tog‘lari”, Ye.Shubinaning “Doimo quyosh bo‘lsin!”, “Sokinlik”, R. Azixonovning “Toshkent bokschilari” asarlar turkumi, V. Dedenevaning keramikada ishlangan ellikka yaqin ijod namunasi bilan tanishish mumkin.
Izoh (0)