Pokistonda qabilaviy kengashning 17 yoshli qizni yoqib yuborishda ayblanayotgan 13 a’zosi terrorga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun me’yorlariga rioya qilmaganligi uchun sud oldida javob beradi. Bu haqda, AP’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Qizning tanasi 29-aprel kuni Islomoboddan 50 kilometr narida joylashgan Donga-Gali tumanida topildi. Politsiya xodimlarining so‘zlariga qaraganda, qabilaviy kengash qiz sevishganlar juftligining qochishiga yordam bergani bois uni o‘ldirishga buyruq bergan.
Politsiya versiyasiga ko‘ra, qiz qishloq chetidagi jirg‘a (pushtun qabilalari kengashi) majlisiga olib kelinib, narkotik yordamida karaxt ahvolga keltirilgan. So‘ng u juftlik qochgan mikroavtobus ichiga solinib, yoqib yuborilgan.
Qo‘lga olinganlardan biri aybini to‘la tan olib, bu boshqalarga ibrat bo‘lishini ta’kidladi. Qizning otasi jinoyatchilarning ham omma oldida yoqib yuborilishini talab qilmoqda. Qizning onasi esa bunga parvo qilmayapti — u ham tergov ostidadir.
Pokistonda har yili minglab ayollar qabilaviy or-nomus tufayli amalga oshiriladigan qotilliklar qurboni bo‘ladi.
Izoh (0)