Gollandiya ikkinchi divizoni 38-turida “Gou Exed Igls” muxlislari “NAK Breda” klubiga qarshi (4:1) o‘yinda raqib jamoa darvozaboni Yelle ten Ruvelarning vafot etgan onasi sharafiga You’ll Never Walk Alone qo‘shig‘ini kuyladi, deb xabar berdi “Chempionat”.
Ruvelarning onasi mazkur uchrashuv arafasida, 61 yoshida olamdan ko‘z yumdi. “Gou Exed Igls” ishqibozlari o‘yinning 61-daqiqasida mashhur bo‘lgan You’ll Never Walk Alone (“Sen hech qachon yolg‘iz yurmaysan” — “Daryo” izohi) qo‘shig‘ini kuyladi.
Qayd etish joiz, Yelle ten Ruvelar Gollandiya chempionatlarida bitta jamoa safida ketma-ket o‘yinlarda ishtirok etish bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. U qatorasiga 280 o‘yinda maydonga tushgan. 35 yoshli darvozabon 2008-yilning 31-avgustidan 2016-yilning 23-apreliga qadar biror marta ham o‘yin o‘tkazib yubormagan.
Izoh (0)