“G‘arbiy qanot” serialida AQSh prezidenti ma’muriyati matbuot kotibi rolini o‘ynagan aktrisa Ellison Jenni matbuot uchun uyushtiriladigan kundalik brifingda minbarga ko‘tarildi. Bu haqda, Reuters’ga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
U Oq Uy matbuot kotibi Jon Ernest tishini davolatayotgani bois ishda emasligini aytdi.
“Keling adolatli bo‘laylik: men undan ko‘ra yaxshiroqman”, — qo‘shimcha qildi aktrisa.
30-aprelda Vashingtonda prezident Barak Obamaning jurnalistlar bilan o‘tkaziladigan an’anaviy kechki tanovuli haqida gapirar ekan, Jenni prezident jurnalistlarga mo‘ljallangan hazillar ustida ishlayotganini ta’kidladi.
“U juda kulgili bo‘lishni rejalashtirmoqda, bundan boshqa ma’lumot yo‘q”, — dedi u.
Jurnalistlar “G‘arbiy qanot”dagi prezident Demokratik partiya nomzodlaridan (Hillari Klinton va Berni Sanders) qay birini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi haqida savol berdi.
“O‘ylaymanki, siz bu savolning javobini bilasiz”, — dedi aktrisa.
“G‘arbiy qanot” seriali NBC telekanalida 1999–2006-yillarda namoyish etilgan. U AQSh prezidenti ma’muriyatining kundalik yumushlari haqida hikoya qiladi.
Izoh (0)