AQSh maxsus xizmatlari sudya taqdim etgan ruxsatnoma asosida istalgan kompyuterdagi ma’lumotlarga daxl qila oladi. Qonunchilikka kiritilishi lozim bo‘lgan tegishli o‘zgartishlar AQSh Oliy sudi tomonidan ma’qullandi, deb xabar beradi “Hi-Tech.Mail.ru”.
“Hightech.fm” radiosining tushuntirishicha, ilgari murosa sudyalari o‘z yurisdiksiyasi tarqaladigan hududdagi kompyuterlarni o‘rganishga ruxsat berishi mumkin edi. Odatda bu bir yoki bir nechta okrug demakdir. Ammo kiberjinoyatchilik o‘zgarmoqda, shunday ekan, qonunchilikda yangilanishlar zarur, deb ta’kidlanadi xabarnomada.
Masala 2013-yilda ko‘tarilgan bo‘lsa ham, sud o‘zgartishlarni endi ma’qulladi. Endilikda hujjat Kongressga taqdim etildi. 1-dekabrga qadar qonunchilik organi o‘zgartishlarni qabul qilishdan bosh tortmasa, u avtomatik tarzda kuchga kiradi.
Ko‘zda tutilayotgan yangi tartibga ko‘ra, agarda jinoyatchi shaxsini yashirayotgan, ya’ni proksi-serverlardan, Tor’dan, anonimayzerlardan foydalanayotgan bo‘lsa, sudya kompyuter bazasiga xakerlik usulida kirish huquqini beradi. O‘zgartishlar nafaqat AQSh hududidagi, balki dunyoning hamma yeridagi kompyuterlarni qamrab oladi.
Inson huquqlari himoyachilari va fuqarolik jamiyati faollari o‘zgartishlarning qabul qilinishiga keskin qarshilik bildirmoqda. Ularga Google korporatsiyasi hamda bir qator yirik IT-kompaniyalar qo‘shildi.
Ular mazkur yangilik maxsus xizmatlarga xohlagan insonini nazorat qilish imkoniyatini berishini e’tirof etmoqda. Agar Kongress hujjatni ma’qullasa, FQB va Milliy xavfsizlik agentligi amalda cheklanmagan huquqqa ega bo‘ladi.
Izoh (0)