Yevropa Chempionlar Ligasi yarim finalida “Atletiko”dan yengilgan “Bavariya” klubi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘yindan keyingi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar berdi “Chempionat”.
“O‘ylashimcha, o‘yinning 75 foizini yaxshi o‘tkazdik”, — deb aytib o‘tdi Gvardiola. — “Bizda gol urish uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi. Odatda bizga bu qadar ko‘p imkoniyat berishmaydi”.
“Bavariya” klubi ustozi hujumchi Tomas Myullerning nima sababdan boshlang‘ich tarkibga kiritilmaganini quyidagicha izohladi: — “Maydonda menga o‘ng oyoqda o‘ynay oladigan vinger o‘ng qanot uchun va chap oyoqda o‘ynaydigan vinger chap qanot uchun kerak edi. Ular qatoriga markaziy yarim himoyachini ham qo‘shdim”, — dedi Gvardiola. Qayd etish kerak, Tomas Myuller 70-daqiqaga kelibgina o‘yinga qo‘shildi.
Gvardiola Chempionlar Ligasining safar uchrashuvlarida ishtirok etadigan yana qaysi jamoa shuncha imkoniyatga ega bo‘lganini eslolmasligini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, “Bavariya” yarim finalning javob o‘yinini 3-may kuni “Atletiko”ga qarshi o‘z maydonida o‘tkazadi. Chempionlar Ligasining joriy mavsumida “Bavariya” o‘z maydonidagi barcha uchrashuvda zafar quchgan.
Izoh (0)