Toshkent shahridagi Inha universiteti va DaVinci Solutions konsalting kompaniyasi eksklyuziv loyihani ishga tushirdi. DreamJob School talabalar uchun noyob platforma bo‘lib, ishtirokchilar unda karyeralarini rejalashtirishdan to ishga kirgunga qadar bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Bu haqda Toshkent shahridagi Inha universiteti matbuot xizmati xabar berdi.
DaVinci Solutions direktori Anna Yefimova so‘zlariga ko‘ra, DreamJob School talabalarni real muhitda ishlash uchun tayyorlashga qaratilgan noyob loyihadir. Loyiha davomida talabalar ish izlash, intervyudan o‘tish, rezyume yozish, faoliyatlarini rejalashtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarini oshiradi.
Ushbu loyiha to‘rtta sessiyadan tashkil topgan. Har bir sessiya uch soat davom etadi. Birinchi sessiya “Orzuga yo‘l” deb nomlandi.
Keyingi sessiyalarda talabalar ish izlashning eng qulay uslublari, rezyumeni to‘g‘ri tuzish, intervyudan muvaffaqiyat bilan o‘tish bo‘yicha yangi bilimlarga ega bo‘ladi.
Ushbu loyiha Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari uchun bepul bo‘lib, konsalting, HR va tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi DaVinci Solutions kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Izoh (0)