Samsung kompaniyasi chop etgan 2016-yilning birinchi choragi uchun moliyaviy hisobotda tushumning rekord ko‘rsatkichlari qayd qilingani e’tirof etildi. Ammo erishilgan natija o‘z hisobotini taqdim etgan Apple tushumining bor-yo‘g‘i 24 foiziga tengdir, deb yozmoqda “Hi-Tech.Mail.ru”.
Hisobot davrida Samsung 49,8 trillion vona (43,6 milliard dollar) tushumga ega bo‘ldi, o‘sish 5,7 foizni tashkil qildi. Operatsion daromad 6,7 trillion vonaga (5,86 milliard dollar), sof daromad 5,15 trillion vonaga (4,6 milliard dollar) teng bo‘ldi.
Daromadning katta qismi smartfonlar xarididan keldi — hisobot davrida bunday gadjetlardan 92 million dona sotildi. Ularning xarididan olingan choraklik tushum 42 foizga (rekord darajada) o‘sib, 3,9 trillion vonaga (3,41 milliard dollar) yetdi.
Xaridlar hajmining oshishida Samsung Galaxy S7 va S7 edge birlamchi ahamiyat kasb etdi; kelajakda Samsung A va J seriyalarining yangi budjet modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Kompaniyaning displey biznesi esa keskin salbiy dinamika namoyon etdi. 2015-yilning birinchi choragida bo‘linmaning tushumi 520 milliard vonani (460 million dollar) tashkil etgan edi; 2016-yilning shu davrida ko‘rsatkich 270 milliard vonaga (240 million dollar) teng bo‘ldi, tushish 52 foizni tashkil etdi.
Ammo Samsung Apple bilan OLED-ekranlar yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma imzolagani bois vaziyatning o‘zgarishi kutilmoqda.
Protsessorlar, xotira va boshqa qismlar bilan shug‘ullanuvchi yarimo‘tkazgichlar bo‘linmasining operatsion daromadi tushib ketdi — 2,6 trillion vona (2,28 milliard dollar), tushish — 6 foiz. Bunga asosiy sabab — uy kompyuterlariga bo‘lgan talabning tushishi bois xotira moduli narxining pasayishi.
Ekspertlarning baholashicha, ikkinchi chorakda kompaniya telefon va smartfonlari xaridi ko‘rsatkichlari birmuncha pasayadi. Smartfonlarning o‘rtacha narxi biroz ko‘tariladi, lekin bu jiddiy o‘zgarish yasamaydi.
Prognozlarga ko‘ra, Samsung 2016-yili 52 million dona Samsung Galaxy S7 va S7 edge sotishi mumkin. Bu 2016-yil birinchi choragidagi iPhone xaridi ko‘rsatkichlariga yaqin sondir.
Izoh (0)