Venesuela iqtisodiyoti neft narxiga bog‘lanib qolgani jihatidan dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bu haqda, Oxford Economics konsalting kompaniyasi tadqiqoti ma’lumotlariga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
2014-yilda barreli 115 dollarga narxlangan neftning bu ko‘rsatkichi 2016-yil bahorida 45 dollargacha tushib ketdi. Narxning bu qadar keskin pasayishi oqibatida iqtisodiyoti ulkan zarar ko‘rgan va hatto xavf ostida qolgan mamlakatlar orasida Venesuela, Iroq, Mo‘g‘uliston, Zambiya, Angola, Nigeriya, Jazoir va Gabon bor.
Tadqiqotda turli mamlakatlar iqtisodiyotining neftga bog‘liqlik darajasi va uning tiklanish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tahlilchilar ishlab chiqqan indikatorlar sirasida davlat qarzining YaIM ulushidagi darajasi, budjet kamomadi, to‘lov balansining joriy kamomadi, jon boshiga YaIM hamda valyuta zaxiralari hajmi bor.
Neft narxining bir necha yil davomida yuqori darajada turishi Venesuelaga iqtisodiy ahvolni yaxshilab, qashshoqlik darajasini qisqartirish imkonini berdi. Ammo hozirgi paytda mamlakat ancha qiyin vaziyatga tushib qoldi. Iqtisodiyot eski ko‘rsatkichlarga qaytishi uchun neft narxi 100 dollar atrofida bo‘lishi lozim.
Izoh (0)