19-aprel kuni Germaniya Kubogi musobaqasining yarim finalida Myunxenning “Bavariya” klubi o‘z maydonida Bremenning “Verder” futbolchilariga qarshi bahs olib borib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi, deb xabar beradi “Sports.ru”.
Uchrashuvda kiritilgan ikki golga ham myunxenliklar hujumchisi Tomas Myuller mualliflik qildi. 30-daqiqada germaniyalik hujumchi Xabi Alonsoning burchakdan uzatib bergan to‘piga boshi bilan zarba berdi va hisobni ochdi. O‘yinning 71-daqiqasida Arturo Vidalga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng belgilangan penaltini Myuller bexato bajardi va “Bavariya”ning musobaqa finaliga chiqishiga katta hissa qo‘shdi.
Myullerning “Bavariya” safidagi gollari soni 151 taga yetdi va u Myunxen klubi uchun 150 tadan ortiq to‘p kiritgan beshinchi futbolchiga aylandi.
“Bavariya”ning finaldagi raqibi bugun, 20-aprel kuni “Gerta” – “Borussiya Dortmund” o‘rtasidagi ikkinchi yarim final uchrashuvidan so‘ng aniqlanadi. Ushbu o‘yin Toshkent vaqti bilan 23:30 da boshlanadi.
Germaniya Kubogi, 1/2 final
“Bavariya” – “Verder” 2:0 (1:0)
Gollar: 1:0 – 30 Myuller, 2:0 – 71, penalti Myuller.“Bavariya” – Noyer, Lam, Bernat (Benatiya, 58), Alaba, Gyotse (Alkantara, 60), Alonso, Riberi, Martines, Koman (Vidal, 67), Myuller, Levandovski.
Verder – Vidvald, Vestergor, Shternberg, Gebre Selassi, Jiloboji, Yunuzovich, Yatabare (Oztunali, 74), Bartels, Frits (Klyaynxaysler, 83), Grillich, Pisarro (Uja, 73).
Ogohlantirish: Frits (24).
Izoh (0)