Angliyalik jurnalistlar Premyer-liganing turnir jadvalini yaqindan o‘rganib, qaysi holatda to‘rtinchi o‘rinni olgan jamoa keyingi mavsumning Yevropa Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olmasligini hisoblab chiqdi, deb xabar beradi “Sports.ru”.
Agar “Manchester Siti” Angliya chempionatida qolgan o‘yinlarda muvaffaqiyatsiz ishtirok etib, to‘rtinchi o‘rindan pastroqda joylashsa, ammo YeChL g‘olibligini qo‘lga kiritsa, shuningdek, APLda to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarilish uchun imkoniyati kamroq bo‘lgan “Liverpul” Yevropa Ligasida g‘alaba qozonsa, to‘rtinchi o‘rin sohibi YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘lmaydi.
UEFA qoidalariga muvofiq, Yevropa Chempionlar Ligasida bir mamlakat chempionatidan 5 tadan ortiq jamoa ishtirok eta olmaydi. Yuqoridagi shartlar bajarilgan taqdirda, Angliya chempionatida 1–3-o‘rin sohiblari hamda “Manchester Siti” va “Liverpul” klublari YeChLga yo‘llanma oladi. Bu holatda turnir jadvalini to‘rtinchi pog‘onada (bu o‘ringa “Manchester Yunayted”, “Arsenal” va “Vest Hem” da’vogarlik qilishi mumkin) yakunlagan jamoa Yevropa Ligasida ishtirok etadi.
Agar “Manchester Yunayted” Angliya Kubogi g‘olibiga aylansa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropa Ligasida ishtirok etish huquqini ko‘lga kiritadi. Bu holda APLda mavsumni 8-o‘rinda yakunlagan jamoa Yevropa Ligasida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Angliya chempionatida shunga o‘xshash holat avval ham yuz bergan. 2011/12-yilgi mavsumni to‘rtinchi o‘rinda yakunlagan “Tottenhem”, o‘sha mavsumni 6-pog‘onada tugatgan, lekin YeChL g‘olibi bo‘lgan “Chelsi” tufayli YeChLga yo‘llanma olmagan edi. 2012/13-yilgi mavsumda UEFA klublar o‘rtasidagi Yevropaning eng nufuzli turnirida bir mamlakatdan 4 tadan ortiq jamoaning ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymagan.
Izoh (0)