Osiyo Chempionlar Ligasi “B” guruhi 5-turida Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi ertaga, 20-aprel kuni o‘z maydonida Qatarning “Lahviya” klubiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuvdan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida “Lahviya” bosh murabbiyi Jamel Belmadi va yarim himoyachi Ahmad As-Sa’diy ishtirok etdi.
“Ertaga kuchli raqibga qarshi qiyin o‘yin bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston jamoalariga qarshi to‘p surish doimo qiyinchilik tug‘diradi. ‘Bunyodkor’ va ‘Paxtakor’ shular jumlasidan. So‘nggi uch o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadik. Umid qilamanki, ertaga ham ushbu an’anaga sodiq qolamiz”, – dedi Jamel Belmadi.
“‘Bunyodkor’ bilan o‘yin oson kechmasligi aniq. Ertaga jamoa yaxshi va sifatli o‘yin bilan g‘alaba qozonib, Qatarga 3 ochko olgan holda qaytishga umid qilamiz”, – deya qo‘shimcha qildi As-Sa’diy.
Shundan so‘ng “Lahviya” bosh murabbiyi jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Osiyo Chempionlar Ligasi reglamentiga muvofiq matbuot anjumaniga tashrif buyurgan futbolchi o‘yinda ham maydonga tushishi kerak. Ahmad ertaga maydonga tushadimi?
- Men jamoaning bosh murabbiyiman. Matbuot anjumaniga kim kirishi, reglament masalasi borasida men emas, menejer qayg‘urishi kerak. Ahmad OChLda o‘ynamagan bo‘lsa-da, Qatar chempionatida maydonga tushmoqda.
- “Bunyodkor” stadioni holatini tekshirib ko‘rdingizmi?
- Maydon ko‘rinishidan ko‘nglim to‘q. Biroq, “Bunyodkor” mahalliy chempionatda o‘yin o‘tkazdi va undan keyin stadionning ahvoli qanday ekanini bilmayman.
- Ertangi bahs gollarga boy bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?
- Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida atigi ikkita gol o‘tkazib yubordik. Shulardan biri penaltidan kiritilgan. “Bunyodkor” g‘alaba qozonishi kerak. “Lahviya”ning holati esa nisbatan yaxshiroq. Biz hujumkor o‘yin namoyish qilyapmiz. Ertaga ochiq o‘yin namoyish qilamiz.
“Bunyodkor” – “Lahviya” uchrashuvi 20-aprel, chorshanba kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo Chempionlar Ligasi “B” guruhi 4-turidan so‘ng “Lahviya” 5 ochko bilan ikkinchi, “Bunyodkor” 2 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)