“Darakchi” gazetasining yozishicha, internetda o‘zbekistonlik qo‘shiqchilar 5-iyunni xonandalar kuni deb e’lon qilgani haqida fotoxabarlar tarqalgan.
Xususan, “Nihol” mukofoti sovrindori Mashhurbek O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov va Gulsanam Mamazoitova, shuningdek, xonandalar Umida Mirhamidova, Dilso‘z, Sayyorai Jahon, Shirin Mamatova kabilar bilan birga qo‘lda besh raqamini ko‘rsatib, selfiga tushgan.
“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi matbuot kotibi Muzaffar Sayfullayevning “Darakchi”ga ma’lum qilishicha, bunday bayram haqida uning xabari yo‘q. “Shuning uchun bir gap ayta olmayman. Balki xonandalarning o‘zi kelishgan holda biror loyiha o‘ylayotgandir. Ammo bu hali rasmiy emas”, — dedi “O‘zbeknavo” vakili.
Mazkur yangilik yuzasidan “Darakchi” gazetasi shov-shuvga sabab bo‘lgan selfi muallifi — Mashhurbekka murojaat qilgan.
“O‘ylab qarasak, xonandalarning bayrami yo‘q ekan. Hammaning yaxshi kun, bayram tadbirlarida ishtirok etib, o‘zimizga kelganda nega bayram qilmasligimiz kerak? Shuning uchun, hozircha xonandalar bilan kelishgan holda, 5-iyunni o‘zimizning bayram deb e’lon qilmoqchimiz”, — dedi Mashhurbek.
“Bu sana bilan bog‘liq rejalashtirgan shou-dasturimiz ham bor. Faqat to‘liq ma’lumotni bayram kuni yaqinlashganda e’lon qilsak, yaxshi bo‘lardi. Aslida bayram — bir bahona, diydor g‘animat”, — deya qo‘shimcha qildi xonanda.
Izoh (0)