Toshkentda 15-aprel, juma kuni boshlangan dzyudo kurashi bo‘yicha Osiyo chempionatida bevosita ishtirok etayotgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer hamda Osiyo dzyudo uyushmasi (JUA) rahbari Obeyd Al Anzi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bugun, 16-aprel kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida mehmonlar qo‘mita huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Qo‘mita bosh kotibi Oybek Kasimov bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida Marius Vizer va Obeyd Al Anzi O‘zbekistonda olimpiya harakatini rivojlantirish, olimpizm g‘oyalarini keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, bu borada olib borilayotgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.
“Men avvallari ham bir necha bor O‘zbekistonga kelganman va, e’tiborlisi, har safar o‘zim uchun yangiliklar kashf etaman, — dedi Marius Vizer. — Bu safargi tashrifim chog‘ida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyalarining yangi barpo etilgan qarorgohlarida bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdim. Shuni alohida ta’kidlashni xohlardimki, yurtingizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirishg yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni ko‘rib hayratga tushdim. Bu yerda yaratilgan sharoitlar har qancha insonning havasini keltiradi”.
“O‘zbekiston dzyudo maktabi nafaqat Osiyoda, balki jahonda ham yetakchilardan hisoblanadi. Yurtingizda sport sohasini rivojlantirishga davlat rahbariyati tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor, bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar har qancha tahsinga loyiq. Yana bir asosiy jihat — bu yurtingizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik. Qayerdaki tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, o‘sha yerda taraqqiyot ham ko‘kka bo‘y cho‘zib boraveradi. O‘zbekistonga tashrifim chog‘ida bunga yana bir bora amin bo‘ldim”, — dedi Obeyd Al Anzi.
Marius Vizer va Obeyd Al Anzi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, shuningdek, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining yangi binosiga ham tashrif buyurdi.
Izoh (0)