Fransiyaning sobiq prezidenti Jak Shirakning qizi Lorans Shirak 58 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Foto: Union news

Foto: Union news

U 10-aprel, yakshanba kuni Parijdagi Neker nomli kasalxonaning intensiv terapiya bo‘limiga yotqizilgandi. Avvaliga shifokorlar Loransning to‘xtab qolgan yuragini yurgizib yuborishga muvaffaq bo‘ldi, biroq u baribir komadan chiqmadi.

Lorans Jak Shirakning katta qizi bo‘lib (qizlarning kichigi Klod sobiq prezident maslahatchisi bo‘lib ishlagan), 15 yoshida unga anoreksiya — ishtaha yo‘qligi va taomlanishdan bosh tortish kasalligi tashhisi qo‘yilgandi. O‘sha paytda bu meningit asorati bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan edi. Qizini davolash uchun Jak va Bernadett Shirak Fransiyaning yetakchi mutaxassislariga murojaat etgan, biroq shifokorlar bunga chora topishga ojizlik qilgandi.

Jak Shirak o‘z esdaliklarida katta qizining kasalligi “butun umrining dramasi” bo‘lganini tan olgandi. Uning turmush o‘rtog‘i Bernadett esa bir necha o‘n yildan beri xayriya yo‘nalishidagi faoliyatining asosiy qismini mamlakatda anoreksiyaga chalingan bemorlarga yordam berishga qaratgan.