Madridning “Real” futbol klubi Yevropa Chempionlar Ligasi yarim finaliga yo‘l olganidan so‘ng, UEFA rasmiy sayti “Volfsburg”ga qarshi bellashuv qahramoni — Krishtianu Ronaldudan intervyu oldi.
“Gol urish qonimda bor”, — dedi Krishtianu Ronaldu. Bu borada u bilan kim bahslasha oladi, deyiladi maqolada. “Real” Chempionlar Ligasida ketma-ket oltinchi mavsum yarim finalga yo‘l oldi. Ronaldu esa mana shu olti mavsumning har birida jamoasi uchun turli musobaqalarda 45 ta yoki undan ko‘proq gol urmoqda.
“Volfsburg”ga qarshi o‘yindagi xet-trik Ronalduning “Real”dagi 37-xet-trigi bo‘ldi — portugaliyalik futbolchi Chempionlar Ligasining bir mavsumida 3 ta xet-trikka erishgan yagona futbolchiga aylanish imkonini berdi. UEFA rasmiy sayti vakili bu haqda Krishtianuga ma’lum qilganida, futbolchi unga javoban: “Chakki emas, shunday emasmi?”, — deya kulib javob qaytardi.
“Men baxtliman. O‘yin juda ajoyib bo‘ldi. O‘yinni kuchli boshladik va umuman oxiriga qadar uni yaxshi olib bordik. Dastlabki daqiqalardanoq tezlikka e’tibor qaratdik hamda ikki tezkor gol kiritdik. ‘Volfsburg’ ham yaxshi ko‘rindi, to‘pni o‘zida yaxshi saqladi. Butun 90 daqiqani olib qaraganda esa biz kuchliroq edik. Gol urish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ldik”, — dedi Ronaldu.
“Volfsburg” darvozasiga urilgan uchinchi gol Ronaldu uchun Chempionlar Ligasining joriy mavsumidagi 16-si bo‘ldi. Futbolchi 2013/2014-yilgi mavsumda YeChLda 17 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. “Real” yarim finalda yana ikkita o‘yin o‘tkazishi inobatga olinsa, Krishtianu o‘z ko‘rsatkichini yaxshilab olishi mumkin.
“Umuman olganda, men rekordlar ortidan quvmayman. Shaxsiy sovrinlar butun jamoaning omadiga bog‘liq bo‘ladi. Qarabsanki, 17 tadan ko‘proq gol urib qo‘ygan bo‘lasan. Men hozir bunga erishish uchun borimni beraman, chunki bu bilan nafaqat men, balki jamoam ham yutadi”, — deydi Krishtianu.
“Real” yevrokuboklardagi bungacha ham qiyin vaziyatlardan ko‘p bora chiqib keta olgan, 2 yoki undan ko‘proq gol farqi bilan mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, bir necha bor vaziyatni o‘nglay olgan. Ayniqsa, 1970—80-yillar davomida klub bir qator yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritgan. Shunga o‘xshash holat so‘nggi bor 14 yil muqaddam “Bavariya”ga qarshi o‘yinda kuzatilgandi — o‘sha vaqtda “Real” safida jamoaning hozirgi bosh murabbiyi — Zinedin Zidan to‘p surardi.
Izoh (0)