Angliya futbol ligasi 2013/2014-yilgi mavsumda Chempionshipda g‘olib chiqqan hamda Angliya Premyer-ligasiga yo‘l olgan “Lester” jamoasini o‘sha mavsumda moliyaviy feyr-pleyni buzganlikda gumon qilib, klubga nisbatan surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda, deb xabar beradi “Chempionat”.
“Lester” prezidenti Vichay Shrivaddxanaprabxa klubni 2010-yilda sotib olib, hozirgi kungacha 100 million funt sterling sarfladi. 2014-yilda “Lester” jamoasi rahbariyati Trestellar Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda klub brendini Buyuk Britaniya va Janubi-Sharqiy Osiyoda reklama qilib, homiylik shartnomalaridan tushgan savdo daromadi va pul miqdorini sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘ldi. 2013-yilda jamoa 34 million funt sterling zarar bilan mavsumni yakunlagan edi, lekin ishlab olingan daromad tufayli klub budjetidagi taqchillikni kamaytirishga erishildi.
“Lester” jamoasining 2014/15-yilgi mavsumdagi moliyaviy hisobotida ma’lum qilinishicha, Trestellar Ltd kompaniyasi o‘z logotipini jamoa formalariga joylashtirish va “Uokers” stadionini qayta nomlash huquqini King Power kompaniyasiga sotgan. Biroq “Lester” prezidenti formalardagi reklamani joylashtirishni va stadionning nomini King Power Stadium’ga o‘zgartirishni kelishuvdan oldin amalga oshirgan. Trestellar Ltd kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng “Lester”ning daromadi bir mavsumda 10,8 million funt sterlingga oshgan va aynan shu holat Angliya futbol ligasini “Lester”ga nisbatan surishtiruv ishini boshlashga undagan.
Izoh (0)