BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari bir yildan buyon tartibsizliklar to‘xtamayotgan Burundida BMTning politsiya missiyasini boshlashga asos beradigan rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Rezolyutsiya loyihasini kengashga Fransiya taqdim etdi. Hujjatga ko‘ra, BMT bosh kotibi Pan Gi Mun 15 kun davomida Afrika ittifoqi va Burundi hukumati bilan kelishib tuzilgan politsiya kontingenti faoliyati rejasini taqdim etishi lozim.
Mamlakat prezidenti Pyer Nkurunziza ilgariroq BMT va Afrika ittifoqining mamlakat ichki ishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuviga qarshilik bildirgan edi.
Dekabr oyida Afrika ittifoqi Burundiga besh ming kishilik tinchlikparvar kontingent yuborishga qaror qildi, ammo keyinroq bu fikridan qaytdi.
Burundida qariyb bir yil davomida zo‘ravonlik va tartibsizliklar davom etmoqda. Nkurunziza 2015-yil mayida harbiylar uyushtirgan davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng hokimiyatni saqlab qola oldi, ammo tartibsizliklarga barham berilmadi. 2015-yil aprelidan buyon mamlakatdagi zo‘ravonlik va to‘qnashuvlar oqibatida 200 kishi halok bo‘ldi.
Izoh (0)