GoEuro nashri tomonidan hozirlangan Global High-Speed Train Ranking reytingida tezkor harakatlanuvchi poyezdlarga ega mamlakatlarning temir yo‘l infratuzilmasiga baho berildi.
Reytingni tuzishda davlatlarda ishlayotgan poyezdlarning rekord hamda operatsion tezliklari, temir yo‘l tizimi qoplagan hudud, aholi qamrovi, aholining 1 kilometr yo‘l uchun xarajatlari singari kriteriylar inobatga olindi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng yaxshi natijalarni qayd qilgan 20 davlat reytingdan o‘rin oldi.
Birinchi o‘rinni Yaponiya egalladi. Uchlikka Janubiy Koreya va Xitoy yakun yasadi. Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Fransiya, Ispaniya, Tayvan, Germaniya, Italiya, Avstriya, Turkiya kirdi.
O‘zbekiston joriy reytingda 17-o‘rinni egalladi. Ma’lum bo‘lishicha, mamlakatning tezyurar poyezdlari qayd qilgan rekord tezlik 255 km/soatni, operatsion tezlik esa 250 km/soatni tashkil qiladi. Mamlakat temir yo‘l infratuzilmasining 8,21 foizini tezkor harakatlanuvchi poyezdlar egallaydi. Aholining 9,01 foizi tezkor poyezdlardan foydalanish imkoniyatiga ega, bunda 1 kilometr yo‘lga o‘rtacha 0,18 yevro sarflanadi.
O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarda Norvegiya, AQSh va Finlyandiya joylashdi.
Izoh (0)