Olimlarning xalqaro guruhi 50—55 million yil ilgari Hindiston qit’asi Osiyo bilan quruqlikdagi “ko‘prik” orqali tutashganligi haqidagi farazni tasdiqladi. Bu haqda BMC Evolutionary Biology ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar beradi.
Tadqiqot mualliflari Hindiston, Janubi-Sharqiy Osiyo va Okeaniyada tarqalgan Draconinae oilasiga mansub kaltakesaklarning bir nechta turida filogenetik tahlil o‘tkazgan. Natijada kaltakesaklar Osiyodan Hindistonga kamida ikki marta ko‘chganligi haqida xulosaga kelindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Draconinae vakillari dastlab Hindistonga 50—55 million yil avval kelgan. Ularning Salea turi esa Hindistonga qit’ani Yevrosiyo bilan bog‘lovchi quruqlikdagi “ko‘prik” orqali o‘tgan. Ikkinchi marta Draconinae kaltakesaklari Hindistonda taxminan 48 million yil ilgari paydo bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, olimlar Hindiston va Osiyo bundan 20—25 million yil avval bir-biri bilan to‘qnashib, birlashib ketgan deb hisoblaydi.
Izoh (0)