AQShning Minnesota shtatidagi Doj-Senter shahrida istiqomat qiluvchi 11 yoshli bola qurilish maydonchasidan beton qoruvchi mashinani o‘g‘irlab ketib, uni bir soat davomida shaharda va shahar chetida haydab yurdi. Motor’ning Fox teletarmog‘iga asoslanib ma’lum qilishicha, politsiya kichkina qoidabuzarni tutishda shtat poytaxti Minneapolisdan chaqirilgan patrul vertolyotidan foydalangan.
Voqea 20-mart, yakshanba kuni, mahalliy vaqt bilan 15:00 da sodir bo‘lgan. Aytilishicha, ishchi betonqorgichdan chiqqanida kalitni ichkarida qoldirib ketgan. Bundan foydalangan bola mashinaga o‘tirib olib, u bilan Doj okrugini aylanib chiqqan.
Bola bir necha marta yuqori tezlikdagi harakat tartibi amal qiladigan magistrallarga chiqib ketgan, ammo avtohalokatga uchramagan. Uni quvish jarayonida ikki patrul mashinasiga shikast yetgan.
Guvohlarning ta’kidlashicha, bolakay o‘z qilmishidan ancha mamnun ko‘ringan, ko‘p jilmaygan va qiyqirgan. Politsiya betonqorgichni berk ko‘chaga kirgizib, qurshovga olganida, u mashina ichidan sakrab tushib, qochishga uringan, lekin qo‘lga olingan.
Qoidabuzar voyaga yetmaganlar uchun axloq tuzatish muassasasiga joylanishi mumkin. Bu ish yuzasidan sudning birinchi majlisi 22-mart, seshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)