Kecha, 19-mart oqshomida Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport saroyida Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning VI mavsumidan o‘rin olgan navbatdagi janglar o‘tkazildi. Unda Uzbek Tigers jamoasi guruhdagi beshinchi uchrashuvini Ozarbayjonning Azerbaijan Baku Fires bokschilariga qarshi olib bordi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Uzbek Tigers jamoasi Azerbaijan Baku Fires bokschilarini yirik, 5:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Shu tariqa, Uzbek Tigers jamoasi guruh bosqichida o‘tkazilgan beshta uchrashuvdan to‘rttasida g‘alaba qozonib, guruhda peshqadamlik qilyapti.
Qayd etish joizki, bu ikki jamoaning Bokuda bo‘lib o‘tgan ilk bahsida Azerbaijan Baku Fires bokschilari 3:2 hisobida zafar quchgan edi.
Uzbek Tigers – Azerbaijan Baku Fires. Jang natijalari bilan tanishing:
-49 kilogramm: Nodirjon Mirzaahmedov – Rasul Saliyev 3:0 (50:45, 49:46, 50:45);
-56 kilogramm: Abdulhay Shorahmatov – Yarash Magomedov 3:0 (50:45, 50:45, 49:46);
-64 kilogramm: Fazliddin Meliboyev – Zaur Abdullayev 2:1 (49:46, 48:47, 47:48);
-75 kilogramm: Ulug‘bek Haqberdiyev – Levani Luxutashvili ( Haqberdiyev 2-raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi);
-91 kilogramm: Sardorbek Begaliyev – Xaji Murtuzaliyev 3:0 (49:46, 49:46, 48:47).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbek Tiger jamoasi Puerto-Rikoning Puerto Rico Hurricanes bokschilarini 5:0 hamda amaldagi chempion – Qozog‘istonning Astana Arlans’ni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Izoh (0)