Italiyaning Maserati kompaniyasi Shimoliy Amerika bozoridan Quattroporte va Ghibli modelidagi 28 mingdan ortiq avtomobilni chaqirib oladi. Bu haqda “RBK” xabar beradi.
2013-yilning 1-fevralidan 2015-yilning 30-noyabrigacha bo‘lgan davr oralig‘ida ishlab chiqarilgan avtomobillarda haydovchi oyog‘i ostidagi gilamchaning yaxshi mustahkamlanmaganligi ularni chaqirib olishga sabab bo‘lmoqda.
Agar gilamcha siljib ketib, akselerator va kovrolin orasiga tiqilib qolsa, avtomobil tezligining keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada bu holat avariyani keltirib chiqarishi hamda jiddiy shikastlanishlar yoki o‘limga olib kelishi mumkin.
Hammasi bo‘lib 28 235 ta avtomobil chaqirib olinadi. Chaqirib olish 2016-yilning 29-aprelidan boshlanadi.
Oldinroq Yaponiyaning Nissan avtokonserni Shimoliy Amerika bozoridan 47 mingdan ortiq Nissan Leaf elektromobillarini tormozda kuzatilishi mumkin bo‘lgan nuqson tufayli chaqirib olgani xabar qilingandi.
Izoh (0)