6-martga o‘tar kechasi superog‘ir vazn toifasida Jahon boks assotsiatsiyasining (WBA) muntazam chempionlik maqomi uchun o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev va avstraliyalik Lukas Braun o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang kechasida yana ikki o‘zbekistonlik bokschi ringga ko‘tarildi, deb xabar beradi “Olamsport”.
59,4 kilogramm vaznda o‘zbekistonlik Feruz Yo‘ldoshev rossiyalik Bulat Bishiyevga qarshi jang o‘tkazdi. Unda rossiyalik bokschi zafar quchdi.
67,7 kilogramm vaznda ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik Behzod Nabiyev esa tanzaniyalik Luanja Abolam Saidga qarshi jang o‘tkazdi va oltinchi raundda texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi. Bu o‘zbekistonlik bokschining professional ringdagi 23-g‘alabasi bo‘ldi. Behzod Nabiyev Jahon boks assotsiatsiyasi tomonidan yangi ta’sis etilgan WBU chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Grozniydagi “Kolizey” Sport-Xollida bo‘lib o‘tgan asosiy jangda Ruslan Chagayev 12 raundlik jangning 10-raundida texnik nokautga uchrab, chempionlik kamarini boy berdi.
Izoh (0)