Italiyalik bastakor Ennio Morrikone rejissor Kventin Tarantinoning “Jirkanch sakkizlik” filmi uchun tayyorlagan musiqasi uchun “Oskar” mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda “RIA Novosti” agentligi xabar bermoqda.
87 yoshli Morrikone o‘z faoliyatida ilk bor eng yaxshi musiqa yo‘nalishida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritdi. Bungacha u besh marta mazkur yo‘nalishda g‘oliblikka da’vogar bo‘lgandi. 2007-yili unga kino musiqasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun alohida “Oskar” topshirilgan edi.
Bastakor mukofot topshirish marosimida shaxsan o‘zi ishtirok etib, ko‘z yoshlarini tiya olmadi. U mukofot uchun AQSh kinoakademiyasiga minnatdorchilik bildirdi va o‘z muvaffaqiyatini ayoli Mariyaga bag‘ishlashini aytib o‘tdi.
Eng yaxshi musiqa yo‘nalishida Morrikonega Tomas Nyuman (“Josus ko‘prigi” filmi musiqasi uchun), Karter Beruell (“Kerol”), Jon Uilyams (“Yulduzlar jangi”) va Yoxan Yoxannsson (“Qotil”) raqobatchilik qildi.
Izoh (0)