Guernsey’s kimoshdi savdolari uyi 27-fevral, shanba kuni Nyu-York shahrida o‘tkazgan tadbirda 300 ga yaqin kamyob va qimmatbaho gitaralar sotuvga qo‘yildi. Kimoshdi savdosi yakunlariga ko‘ra tashkilotchilar 1,34 million dollar ishlashga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar beradi “TASS”.
Lotlarning aksariyat qismi tashkilotchilar o‘ylaganidan ancha arzonga sotildi.
Kimoshdi savdosining eng qimmatbaho loti 2014-yilda vafot etgan amerikalik blyuz ijrochisi Jonni Vinter uchun maxsus buyurtma asosida yasalgan gitara bo‘ldi. White Lazer gitarasi musiqachining qarindoshlari tomonidan sotuvga qo‘yildi. U Guernsey’s mutaxassislari mo‘ljallaganidan ikki barobar arzonroqqa – 180 ming dollarga sotildi.
Rejissor Richard Bruksning “Sovuqqon qotillik” (1967) filmi bilan bog‘liq ikki gitara yagona lotga birlashtirilib, 95 ming dollarga sotildi. Ulardan biri bosh rol ijrochisi – aktyor Robert Bleykka tegishli bo‘lsa, ikkinchisidan o‘z vaqtida personaj prototipi foydalangan edi.
Shuningdek, 1980-yillarda amerikalik musiqachi Eddi van Xalen uchun maxsus yasalgan Charvel gitarasi 67 ming dollarga sotildi.
Izoh (0)