Oxus ansambli 7—20-fevral kunlari o‘zbek mumtoz va an’anaviy musiqa namunalaridan tayyorlangan dastur asosida Latviya, Estoniya va Finlyandiyada ijodiy safarda bo‘lib qaytdi. Bu haqda Oxus Culture matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu konsert safari Estoniyaning MUUILMAMUUSIKA tashkiloti tomonidan Oxus Culture tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi hamda davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning 533 yilligiga bag‘ishlandi. Safardan ko‘zlangan maqsad esa Boltiqbo‘yi mamlakatlari aholisini Shashmaqom musiqa merosi bilan yaqindan tanishtirish bo‘ldi.
Estoniyaning Tallin, Tartu hamda Vilyandi shaharlaridagi konsertlarda Navoiyning “Farhod va Shirin” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlarining eston tilidagi tarjimalaridan parchalar o‘qib eshittirildi. Tallinda bo‘lib o‘tgan konsertda ushbu dostonlardan parchalarni tarjimon — Li Seppel-Exin (Ly Seppel-Ehin)ning shaxsan o‘zi o‘qib berdi.
Izoh (0)