Xonanda Lola “Sug‘diyona” gazetasiga bergan intervyusida, turmushga chiqqanidan keyingi dastlabki davrda singlisi va yaqin dugonasi unga qanday yordam ko‘rsatgani haqida so‘zlab berdi.
“Katta hovliga kelin bo‘lganman. Supur-sidir, uy ishlari — hammasiga ulgurishim qiyin edi. Uydagilar ketishgach, dugonam Nargiza bilan singlim Anora yordamga kelardi”, — dedi xonanda.
“Kechgacha ko‘cha, hovlini supurardik, kir yuvardik, oyna artardik, ovqat pishirardik. Keyin hech kim kelmasidan ular ortga qaytishardi. Hozir kulib eslayapmizu, lekin dugonam va singlim bo‘lmaganida, bilmadim, nima qilardim”, — dedi Lola.
“Sug‘diyona” muxbirining: “Uddaburon kelin bo‘lgan ekansiz-da. Bu hiylangizni hech kim sezmaganmi?”, — degan savoliga, Lola kulib shunday javob berdi: “Birinchi marta sizga aytyapman”.
Ma’lumot uchun, Lola 2005-yili turmushga chiqqan, 2011-yilda ajrashgan. Xonanda so‘nggi intervyularidan birida: “O‘z qalbim sohibi bilan oila qurganimda, bundan sobiq erim ham mamnun bo‘ladi, degan fikrdaman”, — degandi.
Izoh (0)