Rossiya 2013-yilning martida Shvetsiyaga yadroviy zarba berish bo‘yicha harbiy o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazgan. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning hisobotida ma’lum qilingan, deb xabar beradi Meduza.
Hisobot 28-yanvar kuni chop etilgan edi, biroq uning Rossiyaning o‘quv mashg‘ulotlari haqidagi qismiga shu paytgacha jurnalistlar e’tibor bermagan.
Stoltenbergning ma’lum qilishicha, oxirgi uch yil davomida Rossiya 18 dan kam bo‘lmagan yirik harbiy o‘quv mashg‘ulotini o‘tkazib, unda 100 mingdan ortiq harbiy xizmatchi ishtirok etgan. NATOning ma’lumotlariga qaraganda, mashg‘ulotlar davomida alyansga a’zo mamlakatlar va uning hamkorlariga nisbatan yadro zarbalari mashq qilingan.
Shvetsiya NATOning a’zosi hisoblanmaydi, biroq u “Tinchlik uchun hamkorlik” dasturida ishtirok etadi. Avvalroq shved OAVlari 2013-yilning 29-martida Shvetsiya hududi yaqinida Rossiyaning uzoq masofaga uchuvchi Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlari to‘rtta qiruvchi samolyotning hamrohligida ko‘zga tushganligini ma’lum qilgan edi. Shvetsiya harbiy-havo kuchlari ushbu ma’lumotni tasdiqlab, Rossiya samolyotlari xalqaro havo hududidan chiqmaganligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)