“O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi asosida davlat mablag‘lari hisobidan ishlab chiqarilgan va mutlaq huquqlari agentlikka tegishli bo‘lgan “Baron” nomli badiiy film hozirgi kunda kinoteatrlarda keng namoyish etilmoqda, deya xabar bermoqda “O‘zbekkino”.
“Biroq Toshkent shahri va viloyatlardagi bir qator bozorlar va boshqa savdo hududlarida ushbu filmning kontrafakt nusxalari noqonuniy tarzda sotilayotgani haqidagi xabarlarning paydo bo‘lishi agentlik tomonidan Intellektual mulk agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda aniq choralar ko‘rishni taqazo qildi”, — deyiladi agentlik xabarida.
Xabar berishlaricha, hozirgi kunda “Baron” filmining kontrafakt nusxalari tarqatilishiga chek qo‘yilishini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining tegishli Ishchi guruhlari a’zolari bilan hamkorlikda monitoring tadbirlari tashkil etilmoqda.
Aniqlangan har bir qonunbuzilish holatlari bo‘yicha vakolatli davlat organlari tomonidan qonunbuzarlarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari ko‘rilib, ular tomonidan yetkazilgan moddiy zararlarning to‘liq undirilishi ta’minlanadi.
“O‘z navbatida yurtimiz fuqarolari va barcha kinoixlosmandlardan ijodkorlarning mualliflik huquqlarini hurmat qilishga hamda bu kabi noqonuniy xatti-harakatlarga nisbatan o‘z fuqarolik burchlarini ko‘rsatishlarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi “O‘zbekkino” bayonotida.
Izoh (0)